Xabaringiz bor, 25-oktabr kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumtaʼlim maktablari jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati fanlari oʻqituvchilari uchun attestatsiya sinovlarining birinchi bosqich jarayonlari oʻtkazildi.
⏰ Birinchi bosqichda — boshqa fanlardan farqli ravishda mutaxassislik fani (35 ta) va kasb standarti (5 ta) boʻyicha beriladigan 40 ta test topshirigʻining har biri 1 ball bilan baholandi (jami 40 ball).
⏰ Ikkinchi bosqich (amaliy imtihon)da — musiqa madaniyati fani Madaniyat vazirligi hamda jismoniy tarbiya fani Sport vazirligi tomonidan tashkil etilishi belgilangan va 60 ballik tizim asosida baholanadi.
Yana bir muhim jihat! Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qaroriga koʻra: (https://lex.uz/uz/docs/-7500938)
➖ jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati fanlaridan oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega hamda tegishli talablarga javob beradigan pedagoglar attestatsiya sinovlarining birinchi bosqich natijalari asosida “Yil oʻqituvchisi” tanlovida ishtirok etishadi.
Bunda tanlovda ishtirok etmoqchi boʻlgan musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanlari pedagoglari yuqorida keltirib oʻtilgan 40 ta test savollariga qoʻshimcha ravishda pedagogik mahorat boʻyicha 10 ta test savoliga javob berishdi (jami 50 ta savol).
"Yil oʻqituvchisi” tanlovi boʻyicha beriladigan sinovlar (50 ta savol) quyidagi tartibda baholandi:
➖ mutaxassislik fanidan — 35 ta savol (har biri 3,1 baldan);
➖ pedagogik mahorat boʻyicha — 10 ta savol (har biri 2,1 baldan);
➖ kasb standarti boʻyicha — 5 ta savol (har biri 1,1 baldan).
Eʼtibor bering! Musiqa madaniyati hamda jismoniy tarbiya fanlari oʻqituvchilarining malaka toifa sinov natijalari faqat mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha baholandi (40 ta savol, har bir toʻgʻri javob uchun 1 baldan, jami 40 ball). Pedagogik mahorat fanidan olingan ballar malaka toifasi sinovi natijalariga qoʻshilmadi.
Agar pedagog “Yil oʻqituvchisi” tanlovida qatnashishni istamasa, mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha 40 ta test topshirigʻini bajaradi va bu attestatsiya jarayoni uchun yetarli hisoblanadi.
“Yil oʻqituvchisi” tanlovida ishtirok etish istagida boʻlgan hamda tegishli talablarga javob beradigan pedagoglar pedagogik mahorat boʻyicha qoʻshimcha 10 ta savolga javob berdi (shuningdek, qo‘shimcha vaqt ham ajratilgan).
Hurmatli pedagoglar!
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan attestatsiya jarayonlarini yanada takomillashtirish, pedagoglar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ustozlarimizning mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan toʻliq foydalanishlariga keng imkoniyat yaratish maqsadida tegishli platforma va axborot tizimlari doimiy modernizatsiya qilib borilayotganligini maʼlum qilamiz.
