Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 19-ноябрь 2024, 14:31
 Bosh sahifa  Mobile versiya

2020 yil - Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

2017 — 2021-YILLARDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINI RIVOJLANTIRISHNING BESHTA USTUVOR YO‘NALISHI BO‘YICHA HARAKATLAR STRATEGIYASINI “ILM, MA’RIFAT VA RAQAMLI IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH YILI”DA AMALGA OSHIRISHGA OID DAVLAT DASTURI TO‘G‘RISIDA

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalq manfaatlari yo‘lida izchil davom ettirish maqsadida 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilingan holda tayyorlandi.
Muhokamalar jarayonida xalqimiz, fuqarolik jamiyati institutlari faollik ko‘rsatib, mingdan ortiq tele- va radiokanallar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlarda ular bilan bevosita muloqotlar tashkil etildi, fuqarolarimiz bildirgan taklif-tavsiyalar tegishli soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida chuqur tahlil qilindi.
Xususan, jamoatchilik muhokamasi doirasida uch mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, ular asosida Davlat dasturi loyihasiga yuzga yaqin konseptual va tahririy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, ko‘pchilik takliflar muhokama uchun e’lon qilingan Davlat dasturi loyihasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amalga oshirish jarayonlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi, parlament palatalari qo‘shma majlisi va tashkiliy yig‘ilishlarida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida:
1. 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida:
2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatida fuqarolarning Internet tarmog‘idagi murojaatlari asosida parlament va deputat so‘rovlarini shakllantirish, saylovchilar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida elektron portal va mobil ilovadan foydalanish imkonini beruvchi “Elektron parlament” tizimi joriy etilsin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yil yakuniga ko‘ra qabul qilingan har bir qonun xalq tomonidan qanday baholanganini va uning samaradorlik darajasini monitoring qilish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish amaliyoti shakllantirilsin;
2020-yilda Samarqand viloyati xalq deputatlari Kengashining faoliyatini “namunali Kengash” sifatida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilsin hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash so‘rovi instituti joriy qilinsin;
2020-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarida davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha, shuningdek, Hukumat a’zolari va tarmoqlar rahbarlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinsin;
2020-yil 1-avgustdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida o‘rganilgan masalalar bo‘yicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qo‘mitalarining sayyor majlislarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilsin;
2020-yil 1-iyulga qadar “Mening fikrim” veb-portalining mobil ilovasini ishga tushirish choralari ko‘rilsin, shuningdek, veb-portalga kelib tushayotgan murojaatlarni deputatlar, mutaxassislar va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda ommaviy axborot vositalarida muhokama qilish tashkil etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, shu jumladan parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish bo‘yicha “yo‘l xarita”si, Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi hamda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilinishini ta’minlash tavsiya etilsin.
3. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida:
2020-yil 1-maydan boshlab sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlarni prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud bo‘lgandagina suddan talab qilib olish tartibi amaliyotga joriy etilsin;
2020-yil 1-apreldan boshlab 1995-yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi asosida doimiy istiqomat qilayotgan hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy etilsin;
2020-yil 1-noyabrga qadar odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellatsiya va kassatsiya instansiyalari isloh qilinib, nazorat tartibida ish yuritish instituti bekor qilinsin;
2020-yil 1-iyunga qadar tadbirkorlik sohasidagi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat turlari dekriminalizatsiya qilinsin, shuningdek, bojxona sohasidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, tovar uchun to‘lovni ixtiyoriy ravishda to‘lagan va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi joriy etilsin;
2020-yil 1-dekabrdan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkazilsin;
2020-yil 1-dekabrdan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko‘rilgunga qadar ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantirish tizimi joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, shu jumladan tizimlashtirilgan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri, shuningdek, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilishini ta’minlash topshirilsin.
4. Keng jamoatchilik istaklarini va xalqaro ekspert jamoatchiligi tavsiyalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
2020-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartibni joriy etish;
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) 2020-yil 1-aprelga qadar qonun hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin, unda, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutsin:
doimiy propiskaga qo‘yishda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya etish bo‘yicha talablarni;
propiskaga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar va ularni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mexanizmlari raqamlashtirilishini ta’minlashni;
hududlarda oliy ta’limning talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarida o‘qitishni tashkil etish, shu jumladan Toshkent shahrida joylashgan yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochishni;
b) O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda respublika aholisi uchun Toshkent shahri bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda “o‘ziga tortuvchi markazlar”ni yaratish maqsadida tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega eng yirik shaharlarni belgilashni nazarda tutsin.
5. Iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb qilish sohasida:
2020-yildan boshlab paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasini, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinsin va davlatga majburiy g‘alla sotish hajmi 25 foizga kamaytirilsin;
2020-yilda soliq to‘lovchilar tomonidan ortiqcha to‘langan soliq summasi belgilangan muddatda qaytarilmagan holda ushbu summa uchun soliq to‘lovchilarga budjet hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng miqdorda foizlar to‘lash hamda ichki bozorda sotilgan mahsulot bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi samarali yo‘lga qo‘yilsin;
2020-yilda litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar kamida ikki baravarga qisqartirilsin;
2020-yil 1-iyundan boshlab davlat ulushiga ega bo‘lgan banklar transformatsiyasi bo‘yicha “yo‘l xarita”larini amalga oshirishga kirishilsin, shu jumladan aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifatini oshirish hamda zamonaviy chakana bank xizmatlari turlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilsin;
2020-yil 1-iyunga qadar eksportni oldindan moliyalashtirishga qaratilgan Eksport-kredit agentligi tashkil qilinsin;
2020-yilda “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini o‘z vaqtida va to‘liq bajarish hamda “E-ombor” tovarlarni hisobga olishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilsin;
2020-yil 1-iyundan boshlab mahalliy eksport qiluvchilarga yuklarni avtomobil va havo transporti orqali eksport qilish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, tadbirkorlarning infratuzilma barpo etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmlari joriy etilsin;
2020-yilda kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratilsin va 12 ming km optik tolali aloqa liniyalari yotqizilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy banki, Hisob palatasi, Savdo-sanoat palatasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, shu jumladan “Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida”gi, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi va “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun loyihalari, Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish strategiyalari, Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyalari, Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishini ta’minlash topshirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish kurslarini tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini va mazkur kurslarning bitiruvchilariga eng ilg‘or loyiha uchun grantlar ajratish tartibini tasdiqlasin;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan 30 ta kollej bazasida, shuningdek, Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etib, ularda, birinchi navbatda, ishsizlar va kambag‘al oilalar a’zolarining tadbirkorlik asoslari bo‘yicha va kasbga o‘qitilishini ta’minlasin.
Xuddi shu kabi monomarkazlar va kasbga tayyorlash markazlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning shahar va tumanlarida ham bosqichma-bosqich tashkil etilishi ta’minlansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznesni rivojlantirish agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda kasbga o‘qish istagini bildirgan yolg‘iz va ko‘p bolali ayollar, ishsizlar, yoshlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar, xususan tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kasbga o‘rgatish kurslarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Mahalla guzarlarida kasbga o‘qitish dasturi”ni ishlab chiqib, talabgorlar ro‘yxatini shakllantirsin.
Belgilansinki, kasbga o‘rgatish kurslari doirasida o‘qitilgan yolg‘iz va ko‘p bolali ayollar, ishsizlar va yoshlar kabi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mablag‘ ajratiladi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:
budjet mablag‘lari hisobidan ilg‘or tadbirkorlik loyihalariga grantlar ajratish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
2020-yil 1-mayga qadar har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash o‘quv dasturi” bo‘yicha nodavlat tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, uning g‘oliblariga o‘z ishini tashkil qilish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan grant ajratish tartibini ishlab chiqsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarini aniqlasin hamda ularda kichik sanoat zonalarini tashkil etish va ularni infratuzilma bilan ta’minlash uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish choralarini ko‘rsin.
Belgilansinki:
yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘laridan 100 milliard so‘m ajratiladi;
yangi tashkil etilgan kichik sanoat zonalaridagi yer uchastkalari tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda xususiylashtirilib beriladi va bundan tushgan mablag‘lar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari tomonidan yangi kichik sanoat zonalarini barpo etishga sarflanadi.
10. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tumanda dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholi ro‘yxatini shakllantirsin, qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqib ketgan yerlarni talabgorlarga taqsimlab bersin va ularni kooperatsiyalarga biriktirsin. Bunda, mazkur shaxslarga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar taqdim etilsin va yerlarni oborotga qaytarish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznesni rivojlantirish agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda biznesga hamda tadbirkorlikni boshlash istagidagi fuqarolar va o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lganlarga servis ko‘rsatuvchi interaktiv mobil ilovalar yaratish uchun tanlovlar e’lon qilib, eng yaxshi loyihalarga grantlar ajratish tizimini yo‘lga qo‘ysin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shuningdek, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb etgan holda 2020-yil 1-oktabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Kambag‘allikni qisqartirish dasturi loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi PF-5975-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.03.2020-y., 06/20/5975/0377-son)
kambag‘allik tushunchasini, uni hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aniqlash metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqish;
aholida, ayniqsa, yoshlar va ayollarda biznes yuritish va tadbirkorlikning zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
eng avvalo, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;
tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy resurslardan, shu jumladan mikromoliyalashtirish xizmatlari va davlat xaridlaridan foydalanishda keng imkoniyatlar berish uchun sharoit yaratish;
band bo‘lmagan aholini qayta tayyorlash va ishsiz fuqarolarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha keng qamrovli dasturlarni amalga oshirish.
13. Belgilansinki, 2020-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik subyektlariga litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishda kadrlarning professional malakasi, taqdim etilgan hujjatlar va dasturlarning qonun hujjatlarida belgilangan talablarga, bino va inshootlarning — sanitariya-epidemiologik talablarga va yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermasligi sababli rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunda, vakolatli davlat organlari tadbirkorlik subyektlariga malakali kadrlarni izlash, hujjatlar va dasturlarni qayta ishlash uchun mutaxassislarni jalb qilish hamda litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda yordam berishlari lozim, talabgorning taklif etilgan yordamni rad qilish hollari bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda ushbu bandda belgilangan tartibni joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimida tashuvchilar faoliyatini monitoring va nazorat qilishning zamonaviy usullarini qo‘llashni hisobga olgan holda Vazirlar Mahkamasiga:
yuk tashishni amalga oshirishning boshlanishi to‘g‘risida xabardor qilish va yuklarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi transport vositalarini “onlayn” ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini joriy etish orqali avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarga avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha tashish huquqini berish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
15. Ijtimoiy rivojlanish sohasida:
2020-yil oxiriga qadar 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy etgan holda, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasining 60 foizga yetkazilishi ta’minlansin;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining yuklamasi maqbullashtirilsin, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida asosiy mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni ikki baravarga qisqartirilsin;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich ikki baravarga oshirilsin;
2020-yilda kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilish choralari ko‘rilsin;
2020-yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlarni yaratish choralari ko‘rilsin;
2020-yil 1-sentabrga qadar ilm-fanning ishlab chiqarish bilan faol integratsiyalashuvini ta’minlash maqsadida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmi tubdan qayta ko‘rib chiqilsin;
2020-yilda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etishga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilsin va kelgusi yilda ushbu tizim tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida ishga tushirilsin;
2020-yilda davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanishi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravarga ko‘paytirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, shu jumladan Uy-joy kodeksining yangi tahriri, Ekologiya kodeksi loyihasi, “Suv ta’minoti va oqava xizmatlar to‘g‘risida”gi va “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonun loyihalari, Aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish davlat dasturi, Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi, Ilm-fan sohasini rivojlantirish, Aholini ijtimoiy himoya qilish, Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish konsepsiyalari, Qurilish sohasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishini ta’minlash topshirilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Yoshlar ta’limi va ayollar bandligi bo‘yicha “Besh tashabbus” loyihasi doirasida 2020-yil 1-sentabrdan boshlab alohida umumta’lim muassasalarida bolalarni maktab fanlariga elektron o‘qitish bo‘yicha, shu jumladan elektron sinf jurnali, o‘quvchilar kundaliklarini raqamlashtirish va elektron materiallar kutubxonasini (darsliklar, video darslar, virtual laboratoriyalar va boshqalar) o‘z ichiga olgan tajriba tariqasida axborot tizimlarini qog‘oz hujjatlarni bekor qilgan holda joriy etsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ekspertlar, shu jumladan xorijiy ekspertlar ishtirokida ma’lumotlar haqidagi fan, ulkan ma’lumotlar, sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashni nazarda tutgan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot sohasidagi o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘quv yili davomida teng ulushlarda kamida to‘rt marotaba o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim etilishini ta’minlasin.
19. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shakli joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020-yil 1-avgustga qadar masofaviy o‘qitish shaklini amalga oshirish tartibini belgilash, dasturiy-apparat kompleksini yaratish, tegishli oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga masofaviy o‘qitish platformasini joriy etish va o‘rnatilgan tartibda zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlashni ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-yanvarga qadar tajriba natijalarini inobatga olgan holda oliy ta’lim tizimiga masofaviy o‘qitish shaklini joriy etish to‘g‘risidagi takliflarni o‘qitishning ushbu shaklini amalga kiritishning oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi grafigi bilan birgalikda kiritsin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-oktabrdagi PQ-4502-son qaroriga asosan 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun pensiyani hisoblashda mehnat stajini tasdiqlash va ish haqi miqdorini belgilash “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mavjud ma’lumotlar asosida amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq pensiyani hisoblash uchun mehnat stajini tasdiqlash va ish haqi miqdorini belgilashda arxiv ma’lumotlarini taqdim etmasdan:
2005 — 2016-yillar davri uchun jamg‘arilib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan;
2016 — 2018-yillar davri uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan;
2019-yil uchun fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan davrlar uchun arxiv ma’lumotlaridan faqat tizimlarda zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda yoki fuqaroning murojaati asosida foydalaniladi. Fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish hamda qo‘shimcha arxiv ma’lumotlarini talab qilib olish zarurati bo‘lganda, fuqaroga pensiya minimal miqdor bo‘yicha sirtdan rasmiylashtiriladi va keyinchalik qayta hisob-kitob qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davr uchun zarur ma’lumotlarni yagona tizim orqali yig‘ish maqsadida manfaatdor idoralarning tizim va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishi, shuningdek, ushbu tizim to‘liq ishlashini ta’minlash uchun ma’lumotlarni raqamlashtirish choralarini ko‘rsin;
fuqarolar uchun ularga tayinlangan pensiya to‘lovlari to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar bilan tanishish, shu jumladan avtomatik hisoblash imkoniyatini yaratishni inobatga olgan holda pensiya tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
21. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari va iqtisodiyotni raqamlashtirish bo‘yicha vazifalarni hisobga olgan holda ikki oy muddatda o‘zini o‘zi band qilayotgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlari (xizmatlar, ishlar) ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish, mazkur jarayonlarni raqamlashtirish, “frilansing” (masofadan turib ishlash) imkoniyatlarini ommalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning kiritilishini ta’minlasin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020-yil 1-noyabrdan “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahliliy tizimi” dasturiy-apparat kompleksini (keyingi o‘rinlarda — dasturiy-apparat kompleksi) joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda dasturiy-apparat kompleksining O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa zarur tizimlarga integratsiyalashuvini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi va respublikadagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari idoraviy axborot tizimlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini, ularning dasturiy-apparat kompleksi bilan integratsiya qilinishini, shuningdek, ushbu tizim to‘liq ishlashini ta’minlash uchun ma’lumotlarni raqamlashtirish choralarini ko‘rsin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” dasturi loyihasini ishlab chiqishda boshqa masalalar bilan bir qatorda quyidagilarni nazarda tutsin:
a) “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish yo‘nalishida:
axborot texnologiyalari sohasida inson kapitalini rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
davlat xizmatlarini raqamli shaklga transformatsiya qilish va axborot ekotizimini rivojlantirish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
b) mahalliy IT-texnologiyalar bozori salohiyatini oshirish yo‘nalishida:
axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarga qo‘yiladigan asosiy funksional talablarning yagona reyestrini belgilagan holda davlat organlari va tashkilotlarida ushbu mahsulotlardan foydalanishga o‘tish;
o‘rnatilgan funksional talablarga muvofiq keladigan mahalliy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarning yagona bazasini shakllantirish;
salohiyati mavjud oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish sohasida laboratoriyalar, jumladan xalqaro tan olingan ilg‘or IT-kompaniyalarni jalb qilgan holda tashkil etish;
mahalliy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
v) davlat ma’lumotlarini boshqarish tizimini yaratish yo‘nalishida:
davlat boshqaruvi sohasida ma’lumotlarni shakllantirish va qayta ishlashga standartlashtirilgan yondashuvni joriy qilish;
ma’lumotlarni shakllantirish va yangilash bo‘yicha javobgarlik davlat organlari bo‘yicha taqsimlangan holda, ma’lumotlar faqat bitta davlat organi yoki uning bo‘linmalarida shakllantiriladigan “ma’lumotlarning yagona manbai” tamoyilini joriy etish;
hujjatga yo‘naltirilgan tizimdan ma’lumotlarning reyestr yozuviga asoslangan tizimga bosqichma-bosqich o‘tish.
24. Davlat organlari, idoralar, barcha korxona va tashkilotlarga “raqamli iqtisodiyot”, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarni xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilarning kasblari klassifikatori ta’limning minimal darajasi va kasb bo‘yicha malakaviy razryadlar qismiga amal qilmagan holda ishga jalb qilishga ruxsat berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda axborot texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, axborot texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikat olish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga xarajatlarni davlat tomonidan qoplash, axborot texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan shaxslarning respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilsin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Besh tashabbus” loyihasini moliyalashtirish doirasida “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari”da, “Ishga marhamat” monomarkazlarida va “Yoshlar texnopark”larida yoshlarga raqamli texnologiyalarni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.
26. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga yoshlarning eng ilg‘or loyihalarini jalb etish maqsadida Toshkent shahrida “Xalqaro yoshlar innovatsiya forumi”ni o‘tkazish hamda forum doirasida “Eng yaxshi loyihalar” tanlovini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
27. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni va qarori loyihalarini kiritsin:
raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tashkiliy-institutsional asoslarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqqan holda sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish;
“Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish yo‘nalishida idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari sifatini oshirish va ro‘yxatini kengaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita aloqasiz o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish shakllarini keng qo‘llash;
iqtisodiyotning real sektori tarmoqlariga axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni keng joriy qilish yo‘nalishida moliya-xo‘jalik faoliyati, ma’muriy tartibotlar, ishlab chiqarish, texnologik va boshqaruv jarayonlarida raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan tizimlarni yaratish;
telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni kengaytirish, mobil aloqa tarmog‘i va boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish;
raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish.
28. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va tashkilotlarida axborotlarni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash “Elektron hukumat” tizimining yagona identifikatorlarini qo‘llagan holda amalga oshiriladi.
29. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlari yagona reyestrini (keyingi o‘rinlarda — Yagona reyestr), shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan “Elektron hukumat” tizimining yagona identifikatorlarini, ma’lumotnomalar va tasniflagichlarning ro‘yxatlarini (keyingi o‘rinlarda — ro‘yxatlar) joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
30. Belgilansinki:
Yagona reyestrga idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlari va resurslari, shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning manfaatlari yo‘lida ishlab chiqiladigan boshqa dasturiy mahsulotlar kiritiladi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar Yagona reyestrga kiritilgan idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlari va resurslari hamda boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etishi va ulardan samarali foydalanishi shart.
31. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi, Kiberxavfsizlik markazi ikki oy muddatda Yagona reyestr va ro‘yxatlarni shakllantirish hamda yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda reyestr va ro‘yxatlarning dolzarb versiyalarini “Elektron hukumat” tizimiga taqdim etish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlari ko‘rsatib o‘tilsin.
32. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ilm va ma’rifat, axborot texnologiyalari, mehnat munosabatlari va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan axborotlarni olish imkoniyati asossiz ravishda cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, shuningdek, xalqaro standartlarni inobatga olgan holda 2020-yil 1-sentabrga qadar davlat siri deb hisoblangan ma’lumotlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish hamda keyinchalik uni maxfiylikdan chiqarish choralarini ko‘rsin.
33. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Adliya vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasida parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘quv markazini tashkil etish masalasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan:
xorijiy mamlakatlarning parlamentlari va boshqa manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda deputatlik korpusi va senatorlar hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mutaxassislarining ko‘nikmalari, malakasi va salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ro‘yobga chiqarish;
qonun ijodkorligi, parlament nazorati, fuqarolarning manfaatlarini ifoda etish va xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonun hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash, normativ-huquqiy jihatdan tartibga solish yukini maqbullashtirish;
tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ichida va uning tashqarisida masofaviy o‘qitish uchun ta’lim modullari va dasturlarini o‘z ichiga olgan hamda “Elektron parlament” tizimi bilan integratsiyalashgan “onlayn” tizim yaratish.
Belgilansinki, o‘quv markazining faoliyat yuritishi, tahsil oluvchilar va xorijiy davlatlar ekspertlarining mamlakatda bo‘lishi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, xalqaro tashkilotlar va donorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu bandda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2020-yilgi Davlat budjeti parametrlari doirasida belgilangan tartibda moliyaviy mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin, 2021-yildan esa har yili budjet mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga mazkur institutni isloh qilishning hozirgi bosqichini hisobga olgan holda, uning faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilish tavsiya etilsin.
34. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi taqdim etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har chorakda tegishli yil uchun Davlat dasturi bilan uzviy bog‘liqlikda Harakatlar dasturining vazirliklar, idoralar va hududlar kesimida bajarilishi holatini o‘z majlislarida tanqidiy muhokama qilib borsin.
35. Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda xorijiy mamlakatlar bilan 2020-yilda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar va siyosiy sohalarda, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va tadbirkorlik subyektlari uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va maxsus qulay rejimlar taqdim etishni nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar bo‘yicha takliflarni kiritsin.
36. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, manfaatdor idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik missiyalarini faol jalb etgan holda jahon mamlakatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning muassasalari, yetakchi xalqaro institutlar va moliya tuzilmalari, shuningdek, mintaqaviy birlashmalar bilan uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirish yuzasidan aniq takliflar va amaliy chora-tadbirlarni tayyorlashni ta’minlasin.
37. “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining quyidagilarni amalga oshiruvchi “Xalqaro munozara klubi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, islohotlarni amalga oshirishning muhim masalalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini doimiy ravishda baholab borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida aholi va ekspertlar o‘rtasida so‘rovlar va o‘rganishlar o‘tkazib borish;
ilgari surilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha ularning jamoatchilik muhokamasini hisobga olgan holda asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarining aholi oldidagi hisobdorligini oshirish maqsadida jamoatchilik eshituvini muntazam ravishda tashkil etish.
Belgilansinki, “Xalqaro munozara klubi” “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida tashkil etiladi.
38. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Yuksalish” umummilliy harakati hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi axborotni har oyda umumlashtirish hamda yakunlarini aniq ko‘rsatkichlar va erishilgan ijobiy o‘zgarishlarni aks ettirgan holda o‘z veb-saytlarida joylashtirish;
monitoring natijalari to‘g‘risidagi axborotni har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda e’lon qilish va keng tarqatishni ta’minlasin.
39. Davlat dasturi bandlarini izchil va o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlari o‘z hududlarida Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘n kun muddatda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va har oyda o‘z majlislarida muhokama qilib boradi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har oyda Davlat dasturi bajarilishini Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari huzurida tanqidiy ko‘rib chiqadi, har chorakda Hukumat majlislarida muhokama qilib boradi hamda o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari har chorakda Bosh vazir va Hukumat a’zolarining Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitib boradi hamda bu borada Hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Hisob palatasi bilan birgalikda har oyda Davlat dasturi bajarilishini nazorat qilib boradi hamda uning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlaydi.
40. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Xalqaro press-klub, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:
ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida keng tushuntirilishini;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.
41. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
42. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 2-mart,
PF-5953-son