Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Prezident huzurida maktab ta’limidagi islohotlarning borishi muhokama qilindi


25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida maktab ta’limidagi islohotlarning borishi muhokama qilindi.

Ma’lumki, yaqinda, davlatimiz rahbarining 11 maydagi farmoni bilan 2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Unda ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini yuksaltirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, infratuzilmani yaxshilash, sohani raqamlashtirish bo‘yicha dolzarb yo‘nalishlar belgilangan. Bu yo‘nalishlarning har biri o‘nlab aniq vazifalardan iborat. Ular har bir tuman va shahar kesimida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari” asosida amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda xalq ta’limi vaziri shu boradagi ishlar va kelgusi o‘quv yiliga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida hisobot berdi.
Avvalo, yangi milliy dasturni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, bu yil 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4, 5, 8, 9 va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o‘quv qo‘llanmalari yaratilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy ekspertlar va tadqiqotchilardan iborat ishchi guruhini shakllantirib, darsliklarni sifatli tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Milliy dasturda o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yuksak bilim va mahoratli, zamonaviy kadrlar tayyorlashni taqozo etadi. Shu maqsadda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda uning huzuridagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Yig‘ilishda pedagogik ta’limni transformasiya qilish, universitetga qabulni takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish va o‘qishni amaliyot bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va ularni yangi metodikaga o‘rgatish haqida so‘z borar ekan, Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti faoliyatini kengaytirib, uni hududlardagi pedagogika o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab kimyo, biologiya, fizika va matematika o‘qituvchilari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Prezidentimiz maktab direktorlarini to‘g‘ri tanlash, ularning kasbiy va boshqaruv mahoratini rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtaldi. Ta’lim bilan birga tarbiya ham muhimligini ta’kidladi.
– Ma’naviyat maktabdan boshlanadi. Maktablarda ta’lim sifatiga qanday e’tibor bersak, ma’naviyatga ham shunday e’tibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda o‘quvchilarning dunyoqarashi va iqtidorini oshiradigan, turli yoshdagi sinflar uchun mo‘ljallangan ma’naviyat kitoblari yaratish bo‘yicha tavsiya berildi.
Maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. “Barkamol avlod” maktablari faoliyati va infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish, ularda “STEAM” yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.


Manba: O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi