Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 23-ноябрь 2024, 16:20
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktabdagi har bir darsga mas’uliyat bilan yondoshish lozim

Kamola Madaminova 1-sinfda o‘qib yurgan paytlaridanoq til o‘rganishga ishtiyoqi balandligi bilan ustozlari e’tiboriga tushgan. Shu boisdan ham Kamola poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 5-maktabda eng a’lochi o‘quvchilar safidan o‘rin olib, shu maktabni a’lo baholarga tamomladi. 
Iqtidorli qizaloq boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan vaqtida bilimlar bellashuvi hamda turli tanlovlarda faol ishtirok etgan. Bu kabi musobaqalarda toblangan qizaloq, keyinchalik fan olimpiadalarida ham muvaffaqiyatga erisha boshladi.
7-sinfdan boshlab Kamola ingliz tili fan olimpiadasining shahar bosqichida 1-o‘rinni egalladi. 8-sinfda bilimini yanada boyitib, yana g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 9-sinfda esa  tuman bosqichida faxrli o‘rinlarni egallab, keyingi bosqichga yo‘l oldi.  11-sinfda ham ingliz tili fan olimpiadasida qatnashib, tuman bosqichida 1-o‘rin, shahar bosqichida 2-o‘rin, shuningdek respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Shu yilning o‘zida u IELTS imtihonidan 8,5 ball to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Kamola ingliz tilidan respublika fan olimpiadasida 1-o‘ringa loyiq topilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi "Toshkent amaliy fanlar universiteti" MCHJ tomonidan 80 000 000 so‘m mablag‘ ajratilib, mazkur universitetda grant asosida o‘qishga ham tavsiya etilgan. 
— IELTS imtihonidan 8,5 ball olishim uchun juda ko‘p ilmiy adabiyotlarni mutolaa qildim, - deydi Kamola Madaminova. - Tinimsiz o‘qidim, izlandim. Maktabda ustozlarimdan ham ingliz tilidan juda yaxshi saboq olganman. Yuqori natijalarga erishishimda asosiy omil — maktabimda o‘qituvchilarim bergan saboqlari, deb ayta olaman.
Zukko o‘quvchi Kamola ingliz tili fan olimpiadalarida ishtirok etishdan tashqari, boshqa tanlov va tadbirlarda ham faol qatnashishga harakat qiladi. Masalan, “English Zakovat” o‘yinlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan, «Zakovat» jamoasi sardori. 9-sinfda «Zulfiyaxonim qizlari» tanlovida ham qatnashib, yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Shuningdek, Kamola o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Bizning iftixorimiz” intellektual teleko‘rsatuvi g‘olibi deb topilgan. 
Bu muvaffaqiyatlarga oddiy maktab o‘quvchisi osonlik bilan erishmadi. Kamola barcha darslarga mas’uliyat bilan yondashgan, hamisha o‘z bilimini boyitishga harakat qilgan. Doimo namunali o‘quvchi va yetuk inson bo‘lib yetishishga intilgan.
— Tengdoshlarimga maktabdagi darslarga mas’uliyat bilan qarab, ko‘p kitob o‘qishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Mana shunday maqsad bilan ulkan muvaffaqiyatga erisha oladilar, deb ikkilanmay ayta olaman, - deydi joriy yilda grant asosida oliy ta’limga qabul qilingan Kamola Madaminova.
Ayni damda Kamola Kamola Turin politexnika universitetining test sinovlaridan ham muvaffaqiyatli o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2-kursga grant asosida ta’lim olishga qabul qilingan. Uning oldiga qo‘ygan maqsadi yetuk muhandis bo‘lish.
Kamola va u kabi bitiruvchilarimizga kelgusi hayotlarida o‘z o‘rinlarini topishlarida ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.