Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 23-ноябрь 2024, 16:20
 Bosh sahifa  Mobile versiya

1-sinfga qabul: muammoli jihatlar va yangi imkoniyatlar


O‘zbekiston milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida 27 iyul kuni “1-sinfga qabuldagi muammo va yechimlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan ovozli chatda kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkinjon Murodov, vazirlik mutasaddisi Abduvali Xaydarov hamda 1-sinfga qabul loyihasi koordinatori Po‘latjon Koldibekovlar javob berdi.

Kuzatuvchilar savollariga mutasaddilar javobi
– Farzandini qaysi maktabda o‘qitish ota-onaning ixtiyoridami?
– O‘zlarining ixtiyorida. “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ota-onalar o‘zlari maktabni tanlashlari mumkin. Lekin 20 iyundan 31 iyulgacha o‘z mikrohududlariga ariza berishlari kerak. 1 avgustdan 15 avgustgacha mikrohududdan tashqaridagi maktabga ariza berish imkoniyati bor. Ariza ko‘rib chiqilgach mikrohududdan tashqaridagi maktabda bo‘sh joy bo‘lsa bolani berish mumkin.

– Farzandim 2016 yil yanvar oyida tug‘ilgan. Maktabga  bermoqchi bo‘lganimda bolangiz 6 yoshda ekan, bolani 7 yoshga to‘lganidan keyin qabul qilamiz, deyishdi. Agar maktabda kvota to‘lmasa farzandimni 1 sinfga bersam bo‘ladimi? 
– “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq o‘quvchilar maktabga 1-sinfga 7 yoshga to‘ladigan yili qabul qilinadi. Oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsak, bu yilgi 1-sinf o‘quvchilari 2015 yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bo‘lishlari kerak. Bu kuzatuvchimizning farzandi 2016 yil yanvar oyida tug‘ilganligi uchun farzandining yoshi qonunchilik talablariga  to‘g‘ri kelmaydi.  Maktabda bo‘sh joy qolgan, qolmagani ahamiyatga ega emas.

– O‘quvchilarimizni tizimga kiritayotgan vaqtda bir o‘quvchi tizimga kiritilgan degan xabar kelyapti. Buni qanday hal qilsak bo‘ladi?
– Bitta bolani 2-3 ta maktabga kiritib qo‘yish kabi xatoliklarning oldini olish maqsadida tizimda nazorat o‘rnatilgan. Bunday holatlarda  markazimizda tashkil etilgan 71 203-07-04 raqamiga murojaat qilish kerak. Bundan tashqari bizda texnik guruh ham tashkil qilingan bo‘lib, qabul qilingan murojaatlar qayta ko‘rib chiqiladi, muammo bartaraf etilishida yordam berishadi.