Bugun maktabning 6-"D" sinf o'quvchilari poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “G'alaba bog'i” va bog' ichidagi “Shon – sharaf muzeyi” ga sayohat uyushtirishdi. O'quvchilar dastlab, to'rt farzandini jangga jo'natib, barchasidan judo bo'lgan matonatli ona monumentiga ehtirom ko'rsatishdi. Jasur o'g'lonlarni dunyoga keltirgan o'zbek onasining matonatli, bardoshli o'zbek ayolining timsoli edi bu. Uning yonida esa go'daklarini bag'riga bosgancha unsiz, ko'zyoshlarsiz, dil-dilidan faryod chekayotgan beva kelinlar, ona yurt tinchligi uchun bir jon emas, ming jon fido bo'lsin deyayotgandek edi. Jang maydoni aks ettirilgan handaklar, g'anim bilan ayovsiz kurashayotgan askarlar, vatan uchun qurbon bo'lgan jasur o'g'lonlarni ko'rib ko'ngillar mutaassir bo'ladi. Xalqimiz urush tufayli ota-onasidan ayrilgan bolalarni asrab olish, ularga mehr-saxovat ko'rsatish borasida ham dunyoga namuna bo'lgan. Bolalar uzra ko'tarilib turgan ramziy qo'l ham o'zida olam-olam ma'noni qamrab olgan. O'quvchilar shu kabi ko'rgazmalarni tomosha qilib ta'sirlanar, bir-birlari bilan o'zaro muhokama qilib, hissiyotlarini o'rtoqlashishardi. Shundan so'ng, ular “Shon - sharaf” muzeyidagi ko'rgazmalar bilan yaqindan tanishish baxtiga muyassar bo'lishdi.