Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 22-октябрь 2026, 00:20
 Bosh sahifa  Mobile versiya

O‘ZBEKISTONLIK O‘QUVCHI XALQARO MATEMATIKA OLIMPIADASIDA BRONZA MEDALINI QO‘LGA KIRITDI

2026-yil 9–13-oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Adigeya Respublikasi Maykop shahrida qizlar o‘rtasida matematika fanidan V Janubiy Rossiya (Kavkaz) “ASSARA” olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro olimpiada iqtidorli yosh qizlarning matematika faniga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bilim va salohiyatini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratish, shuningdek, ilm-fan sohasida kelajakdagi kasbiy rivojlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Olimpiadada Butunrossiya maktab o‘quvchilari olimpiadasi hamda Leonard Eyler olimpiadasi g‘oliblari va yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar, shuningdek, MDH mamlakatlaridan kelgan iqtidorli qizlar ishtirok etdi. Musobaqa 8-sinf o‘quvchilari uchun kichik liga, 9–10-sinf o‘quvchilari uchun esa katta liga yo‘nalishlarida tashkil etildi. Ishtirokchilar ikki bosqichda matematik masalalarni yechish orqali o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Quvonarlisi, ushbu nufuzli xalqaro olimpiadada O‘zbekiston sharafini Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabining 8-«E» sinf o‘quvchisi Sibel Zaxidova munosib himoya qildi. U muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli III o‘rinni egalladi hamda bronza medali va III darajali diplom bilan taqdirlandi.
Ushbu yutuq o‘quvchining matematika faniga bo‘lgan qiziqishi, intilishi va mehnati, shuningdek, unga ta’lim berib kelayotgan ustozlarining samarali faoliyati natijasidir. Xususan, matematika fani o‘qituvchisi Natalya Alekseyevna Yablokovaning o‘quvchi bilimini oshirish yo‘lidagi mehnati hamda maktab ma’muriyatining qo‘llab-quvvatlashi alohida e’tirofga loyiq.
Sibel Zaxidovaning xalqaro miqyosdagi ushbu muvaffaqiyati mamlakatimiz yoshlarining ilm-fan sohasidagi salohiyati yuksalib borayotganining yana bir yorqin namunasidir.
Sibel Zaxidovani, uning ustozlarini hamda 5-sonli umumta’lim maktabi jamoasini ushbu yutuq bilan samimiy tabriklaymiz! Kelgusidagi o‘qishlari va ilmiy izlanishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!