Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 11-март 2026, 05:48
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Hurmatli 11-sinf o‘quvchilarining ota-onalari!

Ingliz tili bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlarni tashkil etish yuzasidan paydo bo‘layotgan savollar munosabati bilan rasmiy tushuntirish berishni zarur deb hisoblaymiz.
Ma’lum qilamizki, fakultativ mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, ta’lim muassasalari davlat ta’lim standartlari, tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlarining bajarilishini, shuningdek vakolatli organlar tomonidan joriy etilgan qo‘shimcha ta’lim loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi shart.
11-sinflarda ingliz tilini chuqurlashtirib o‘qitish davlat dasturining bir qismi bo‘lib, bitiruvchilarning bilim darajasi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Mazkur loyiha doirasida maktabimizga xorijiy mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ularning mehnatiga haq davlat tomonidan to‘lanadi. Xalqaro sertifikat (IELTS yoki shunga tenglashtirilgan imtihon) topshirish bilan bog‘liq xarajatlar ham davlat mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bitiruvchilarga ota-onalarga qo‘shimcha moliyaviy yuklama yuklamagan holda xalqaro sertifikat olish imkoniyatini yaratishdir. Bu esa o‘quvchilarga oliy ta’lim muassasalariga kirish va kelgusidagi kasbiy faoliyatida muhim ustunlik beradi.
O‘quv yuklamasi tasdiqlangan o‘quv rejasiga qat’iy muvofiq shakllantiriladi. 11-sinflarda haftasiga 31 soat dars hamda 1 soat “Kelajak soati” belgilangan. Qo‘shimcha ravishda 4 soat fakultativ mashg‘ulot ajratilgan. Umumiy soatlar miqdori belgilangan me’yorlarga mos bo‘lib, olti kunlik o‘quv haftasi davomida teng taqsimlangan.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, o‘quvchilar ta’lim dasturini to‘liq o‘zlashtirishi va tasdiqlangan dars jadvaliga rioya qilishi shart. Barcha darslar, shu jumladan fakultativ mashg‘ulotlarda qatnashish majburiy hisoblanadi.
Yakuniy davlat attestatsiyasiga qo‘yilish tartibi amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi:
o‘quvchida akademik qarzdorlik, attestatsiyadan o‘tmagan fanlar yoki qoniqarsiz yillik baholar mavjud bo‘lsa, imtihonlarga qo‘yilmaydi;
uzrsiz sabablarga ko‘ra belgilangan me’yordan ortiq dars qoldirilsa, o‘quvchi yakuniy attestatsiyaga qo‘yilmasligi mumkin;
imtihonga qo‘yilish elektron tizim orqali yillik baholar va davomat asosida avtomatik ravishda belgilanadi.
Maktab ma’muriyati qonunchilik talablarini bekor qilish yoki ularga zid ravishda ish yuritish huquqiga ega emas. Bizning asosiy vazifamiz — sifatli ta’limni ta’minlash va belgilangan me’yorlarga rioya qilishdir.
Hurmatli ota-onalar, davlat dasturining amalga oshirilishiga tushuncha bilan yondashishingizni hamda farzandlaringizning maktabdagi dars va fakultativ mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etishini ta’minlashingizni so‘raymiz.
Barcha savollar yuzasidan maktab ma’muriyatiga murojaat qilishingiz mumkin.


Hurmat bilan,
Maktab direktori.